Musiqiy tarbiya to’g’risida


Bolajonlarimiz uchun musiqaning ahamiyati xususida to'xtlib o'tmoqchi edik. Albatta, o'g'il bolalarning musiqaga qiziqishi va intilishi juda ham ijobiy holatdir. Ularning qanday musiqa cholg'usini tanlashlaridan qat'iy nazar, barcha asboblarning go'zal tovushi, umuman go'zallikka oshno bo'lishi har bir ota va onani xursand etadi deb o'ylaymiz. Matnning davomida ayrim musiqa cholg'ularini keltirib o'tamiz, ularni qay birini tanlash esa, siz va farzandingizning didiga havoladir.

Musiqa har bir inson hayotining ajralmas bir bo'lagiga aylanib ulgurgan vositalardan biridir. Chiroyli qo'shiq yoki musiqa har qanday holatda insonni kayfiyatini ko'taradi. Uni yomon o'y va fikrlardan yiroqlashtiradi.

Bolalarning tarbiyasida musiqa qanday rolni bajaradi? Mutaxassislarning fikriga qaraganda go'zal musiqa inson onggiga ijobiy ta'sir etar ekan, u nafaqat bolaning idrokiga, balki uning dunyoqarashning shaklllanishiga ham ta'sir etadi.

O'tmishga nazar solar ekansiz, har bir davrning o'z cholg'usi, musiqa, kuy va qo'shiqlari mavjud bo'lib, ularni o'z davrida boy va zodagon oila farzandlaridan tortib, to oddiy insonlarning bolalarigacha qiziqib, o'rganib kelganlar.

Hozirgi kunda musiqa cholg'ulariga, umuman musiqa olamiga o'sib kelayotgan avlodda qiziqish juda kattadir. Bittasi u cholg'uga qiziqsa, ikkinchisi boshqa cholg'uni tanlaydi, uchinchisi esa katta sahnalarda qo'shiq kuylashni istaydi. Cholg'ular va qo'shiqlarni mukammal o'rganish uchun esa ular uchun turli musiqa maktablari, turli musiqa to'garaklari mavjuddir. Bizning o'lkada juda ko'p musiqa maktablari mavjuddir. Ular shahrimizning har bir tumanida mavjuddir.Toshkentshahrida ixtisoslashgan musiqa maktablari ikkitadir. Bular V.Uspenskiy nomidagi hamda R.Gliyer nomidagi musiqa maktablaridir. U yerda umumiy ta'lim bilan birgalikda, bola tanlagan cholg'u va musiqa bilimlarining asoslari o'rganiladi.

Musiqadan keng ko'lamda ta'lim olish, uning tarixini va sir-asrorlarini o'rganish bolada madaniy va intellektual darajani ko'tarib boradi.

Bolaga turli xil uslubdagi va yo'nalishdagi musiqani taklif etish lozim, bu musiqa olamidagi tafakkurni shakllantiradi va bolaning musiqiy didini shakllantiradi.

Bolani musiqa maktabiga berishdan avval unda musiqiy qobiliyat mavjudligini tekshirish zarur. Buni albatta shu sohaning mutaxxasisi ma'lum topshiriqlarni amalga oshirish orqali tezgina anglab oladi. Bolangizda musiqiy taraflar mavjudligi aniqlangandan so'ng, uning xohish va istaklarini albatta inobatga oling. O'z didingizga tayanib, bolani siz yoqtirgan musiqa cholg'usida ta'lim olishga majbur etmang.

Bola musiqa cholg'usini o'rganish bilan bir qatorda, uy sharoitida turli bolalar uchun mo'ljallangan qo'shiqlarni kuylashi ham mumkin. Hozirgi kunda bolalar kattalar uchun mo'ljallangan qo'shiqlarni hirgoyi qilib yuradilar. Bu albatta ham kulgili, ham qisman achinarli holatdir. Farzandingizning "sevdim, kuydim"i o'rniga, "Toychog'im", "Kapalak", "Yomg'ir yog'aloq" deb kuylashiga nima etsin!

Bolajonlarga ba'zida oddiy o'yinchoqlar o'rniga musiqiy o'yinchoqlar hadya eting. Bu ayniqsa kichik yoshdagi shirintoylar tarbiyasida muhimdir. U umumiy rivojlanishda ko'mak berishi bilan birga, bolaga shodlik va xursandchilik ato etadi. Bunday o'yinchoq bilan o'ynash ham musiqiy tarbiyaning bir bo'lagiga aylanadi.

Bolaning musiqiy tarbiyasiga alohida e'tibor berib kuzatib boring, chunki musiqadan ta'lim olish, uni o'rganish uzoq va keng ko'lamlik jarayondir. To'g'ri musiqiy ta'lim uning boy tafakkurlik, didlik inson bo'lib etishishida shubha tug'dirmaydi.

Bolani har qanday cholg'uda ta'lim olishga berishdan avval, birinchidan bolaning qiziqishlari haqida surishtiring, ikkinchidan professional mutaxassis yordamida bolada musiqiy qobiliyat mavjudligiga ishonch hosil qiling, uchinchidan sifatli cholg'u asbobini xarid eting. Eng muhimi esa bola ta'lim olishni boshlaganida, har haftalik mashg'ulotlardan so'ng, uyda u bilan shug'ullanishga vaqt ajrating. Shu o'rinda boladagi ishtiyoq majburlash tufayli pasayishi mumkinligi haqida sizni ogoh etib o'tishni lozim topdik, bunday holat yuzaga kelmasligi uchun uni zinhor majbur qilmang. Faqat o'z vaqtida, darslardan so'ng, uyda mashq qilib turishi kerakligini, o'tilgan mavzuni mustahkamlash uchun bu zarur jarayon ekanligini unga tushuntirishga urining.

Endi musiqiy cholg'u asboblariga to'xtalib o'tsak. O'g'il bolalar uchun bizning fikrimizcha barcha milliy cholg'ularimiz to'g'ri keladi. Ulardan - doira, rubob, dutor, chang, tor, tanbur, afg'on rubob, g'ijjak, nay bo'lishi mumkin. Lekin ko'p hollarda dutor va changni qiz bolalar tanlaydilar. Evropa cholg'ularidan bizning fikrimizcha ham qiz bolalar, ham o'g'il bolalarning cholg'u tanlashda didlari birdek mos kelsa kerak. Bulardan: fortepiano; torli cholg'ulardan - skripka, violonchel', gitara; turli zarbli cholg'u asboblari - bu baraban, ksilofon; damli asboblar - fleyta, klarnet, truba va h. Ularning turlari nihoyat ko'p bo'lib, biz ayrimlarini keltirib o'tmagan bo'lishimiz ham mumkin.